Margʼilonda YPX inspektorining qonuniy talabiga boʼysunmagan 19 nafar huquqbuzar maʼmuriy qamoqqa olindi
Оʼz haqimizni talab qilishdan oldin “Oʼzgalar huquqini poymol qilmayapmanmi?”-degan savol berishimiz kerak. Bizga foyda keltirgan ish boshqalarga ziyon keltirishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Margʼilon shahar markazidagi B.Margʼiloniy koʼchasida joylashgan savdo majmuasi roʼparasida Margʼilon - Fargʼona shaharlari hamda Qirguli mavzesi yoʼnalishlarida kirakashlik bilan shugʼullanuvchi “Damas” rusumli avtomashina haydovchilari ushbu koʼchadagi piyodalar oʼtish yoʼlakchasi oldiga hamda yoʼlning qatnov qismiga betartib turib olib, piyodalar va haydovchilarning harakatiga halal berayotganligi sababli viloyat IIB YHXB xodimlari mazkur tartibsizlikni bartaraf qilish maqsadida yetib kelishadi.
Аmmo, “Damas” haydovchilari YPX xodimlarining qonuniy talablariga boʼysunmasdan, fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlar sodir etishgan.
Shu oʼrinda savol tugʼiladi. Bir guruh haydovchilar oʼzlarining noqonuniy xatti-harakatlari bilan nima qilishmoqchi boʼldi?
“Oʼzim xon - koʼlankam maydon” qabilida ish tutgan “Damaschilar”ni qanday tushunish mumkin?
Аxir, mana shunday tartibsiz harakatlar oqibatida piyoda yoki haydovchilar ishtirokida yoʼl-transport hodisalari sodir boʼlyaptiku.
Аytish joizki “tirikchilik” yohud boshqa omillarni vaj qilib, qoidabuzarlik qilishga hech kimning haqqi yoʼq.
Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga boʼysunmagan jami 19 nafar huquqbuzar “Damas” haydovchilariga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Margʼilon shahar Maʼmuriy ishlar boʼyicha sudining qarori bilan 2 nafariga 15 sutka, 9 nafariga 10 sutka, 8 nafariga 5 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi qoʼllanildi.
Huquqbuzarlar qilmishiga yarasha jazo oldi.
Hurmatli fuqarolar!
Аgarda siz ham yuqoridagi kabi tartibsiz “Damas” haydovchilaridan jabrlangan boʼlsangiz yoki mana shunday holatlar kuzatilayotganligiga guvoh boʼlsangiz hududiy IIBlarga habar berishingizni soʼrab qolamiz.
Barchamiz mana shu osoyishta jamiyatda yashar ekanmiz, uning tinchligi, farovonligi uchun masʼulligimizni unutmaylik!
Qolaversa, oʼrnatilgan tartib-qoidalar faqatgina inson manfaati uchun yaratilganligi ham bejiz emas.
Boʼysunishni istamaslikning oqibati mana shunday yakun topadi...
Ogoh boʼling!
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati